section media header

Konsepsiya

Atom energiyasi barqaror rivojlanish, energiya xavfsizligiga erishish va iqlim xavfini kamaytirish uchun muhim vositadir. O‘zbekiston tinchlik maqsadlarida atom energiyasidan foydalanishni faol rivojlantirmoqda hamda atom texnologiyalaridan xavfsiz foydalanish, ilm-fanni barqaror rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratib, o‘z milliy atom tarmog‘ini qurmoqda.

O‘zbekiston 2030-yilgacha milliy atom infratuzilmasini barpo etish orqali mamlakatni ishonchli, iqtisodiy jihatdan samarali va ekologik toza elektr energiyasi manbai bilan ta’minlashni ko‘zlamoqda. Mamlakatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurishdir. Bu milliy salohiyatni sezilarli darajada oshiradi hamda O‘zbekistonning atom sohasidagi xalqaro nufuzini mustahkamlaydi.

Bu kontekstda XAEAning qo‘llab-quvvatlashi, jumladan texnik yordam ko‘rsatishi, me’yoriy-huquqiy bazani rivojlantirishi va xavfsizlikni baholashi alohida ahamiyat kasb etadi. Yetakchi mamlakatlar (Rossiya, AQSH, G‘arbiy Yevropa, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy) tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, atom texnologiyalari ilmiy taraqqiyotga, raqamlashtirishga va iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashmoqda. O‘zbekistonda atom texnologiyalarini, shu jumladan yadro tibbiyoti, izotoplar ishlab chiqarish, ma’lumotlar markazlari va tadqiqot reaktorlarini rivojlantirish mamlakatning innovatsion iqtisodiyotga o‘tishining harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishi mumkin.

KONFERENSIYANING MAQSADI – atom energiyasini tinchlik maqsadlarida rivojlantirish va foydalanishning dolzarb masalalarini, jumladan, qonunchilik va institutsional tartibga solish, xavfsizlik hamda turli sohalarda yadro texnologiyalaridan foydalanish masalalarini muhokama qilishdan iborat. Bundan tashqari, konferensiya xalqaro hamkorlik va o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga, shuningdek O‘zbekiston atom sanoati uchun kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Konferensiya IHT mamlakatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo, Rossiya, Yaqin Sharq, Yevropa Ittifoqi, AQSH, XAEA, Butunjahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) va boshqa xalqaro tashkilotlarning ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtiradi. Bu atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanishni muhokama qilish va tajriba almashish uchun platforma bo‘ladi. Shu bilan birga, ikki va ko‘p tomonlama muzokaralar rejalashtirilgan.

    1. 2. 3. 4. 5. ASOSIY VAZIFALAR
  • IHT mamlakatlarida atom energiyasidan foydalanish istiqbollarini, shu jumladan O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishni va KQASni qurish rejalarini ko‘rib chiqish.
  • Atom energiyasidan xavfsiz foydalanishni qo‘llab-quvvatlashda XAEA kabi xalqaro tashkilotlarning rolini belgilash.
  • Barqaror rivojlanish sharoitida IHT mamlakatlarida atom energiyasidan foydalanishning ekologik va ijtimoiy jihatlarini muhokama qilish.
  • IHT mamlakatlarining ilmiy-texnik taraqqiyoti uchun yadro texnologiyalarining ahamiyatini, shu jumladan, noenergetik qo‘llanilishini tahlil qilish.
  • Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish uchun kadrlar tayyorlash va ta’lim berishda ustuvor yo‘nalishlarni belgilash.

KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Konferensiya IHTga a’zo davlatlar o‘rtasida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi va global barqaror rivojlanish maqsadlariga hissa qo‘shadi.
Tadbir yakunida atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish va xavfsizlikni oshirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlanadi, shuningdek, Markaziy Osiyo va IHT mamlakatlarida kelgusida xalqaro hamkorlik qilish yo‘llari taklif etiladi.